Languages

Fuqarolar murojaatlari

Davlat organlari va davlat muassasalariga shuningdek, ularning mansabdor shaxslariga jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingan.

“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni yangi tahrirda 2017 yil 11 sentabrda Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘RQ-445-son Qonuni bilan qabul qilingan.

Yangi tahrirdagi Qonunda:

- Qonunning amal qilishi davlat ishtirokidagi tashkilotlarga va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga nisbatan ham tatbiq etilishi belgilangan;

- asosiy tushunchalar va ularga ta’riflar kiritilgan;

- og‘zaki murojaatlar real vaqt rejimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda, shu jumladan davlat organlarining, tashkilotlarning ishonch, tezkor aloqa telefonlari orqali va videokonferensaloqa vositasida ham berilishi mumkinligi belgilangan;

- yangi “Xalq qabulxonalari va virtual qabulxonalar” bobi kiritilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonalarining va Virtual qabulxonasining asosiy vazifalari va Prezident Xalq qabulxonalarining huquq va majburiyatlari belgilangan;

- Davlat organlarining, tashkilotlarning va ular mansabdor shaxslarining virtual qabulxonalarini tashkil etish maqsadi ko‘rsatilgan;

- Davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan murojaat o‘sha kunning o‘zida, ish vaqti tugaganidan keyin kelib tushgan taqdirda esa, keyingi ish kuni ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerakligi, shuningdek, Davlat organlari, tashkilotlar murojaatlar bilan ishlashda elektron hujjat aylanishi tizimini joriy etishi mumkinligi kiritilgan;

- “Murojaat etuvchini eshitish” hamda “Murojaatga javobni tushuntirish va uni tuzatish” moddalari kiritilgan;

- Murojaatlarning turlariga kiritilmagan xatlarni (tashakkurnomalar, tabriknomalar, taklifnomalar, fikr-mulohazalarni) ko‘rib chiqish davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari tomonidan ularning o‘z ixtiyoriga ko‘ra amalga oshirilishi belgilangan;

- takroriy murojaatni ko‘rib chiqish tartibi belgilangan;

- Davlat organlari murojaatlar bilan ish olib boruvchi o‘z xodimlarini o‘qitishi va uch yilda kamida bir marta ularning malakasini oshirishi o‘rnatilgan;

- elektron murojaat elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerakligi talablari qonundan chiqarilgan.

“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasida murojaatlarga qo‘yiladigan talablar belgilangan. Unga muvofiq:

Jismoniy shaxsning murojaatida jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

Yuridik shaxsning murojaatida yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

Jismoniy va yuridik shaxsning murojaatida davlat organining, tashkilotning aniq nomi, murojaat yuborilayotgan mansabdor shaxsning lavozimi va (yoki) familiyasi (ismi, otasining ismi) ko‘rsatilgan, shuningdek murojaatning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi kerak.

Murojaatlarda murojaat etuvchilarning elektron pochta manzili, aloqa telefonlari va fakslari raqamlari ko‘rsatilishi mumkin.

Murojaatlar davlat tilida va boshqa tillarda berilishi mumkin.

Yozma murojaat murojaat etuvchi jismoniy shaxsning imzosi yoki murojaat etuvchi yuridik shaxs vakolatli shaxsining imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim. Jismoniy shaxsning yozma murojaatini murojaat etuvchining imzosi bilan tasdiqlash imkoni bo‘lmagan taqdirda, bu murojaat uni yozib bergan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanib, uning familiyasi (ismi, otasining ismi) ham qo‘shimcha ravishda yozib qo‘yilishi kerak.

Murojaat etuvchilarning vakillari orqali berilgan murojaatlarga ularning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.

Murojaatlar og‘zaki, yozma yoxud elektron shaklda bo‘lishi mumkin.

Arizalar, takliflar va shikoyatlar murojaatlarning turlari hisoblanadi.

Davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan murojaat o‘sha kunning o‘zida, ish vaqti tugaganidan keyin kelib tushgan taqdirda esa, keyingi ish kuni ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak.

Murojaatni ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Davlat organlarida, tashkilotlarda murojaatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish daftari yuritilib, unda murojaatning tartib raqami va kelib tushgan sanasi, murojaat etuvchi jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), yuridik shaxsning nomi, murojaatning qisqacha mazmuni, ijrosi to‘g‘risidagi belgi, shuningdek boshqa ma’lumotlar ko‘rsatiladi.

Davlat organlari, tashkilotlar murojaatlar bilan ishlashda elektron hujjat aylanishi tizimini joriy etishi mumkin.

Davlat organining rahbariga yoki vakolat berilgan mansabdor shaxsiga ommaviy qabullar vaqtida tushgan va joyida hal etilgan og‘zaki murojaatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish talab qilinmaydi. Bunda jismoniy shaxsning yoki yuridik shaxs vakilining familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, murojaatning qisqacha mazmuni, shuningdek uni ko‘rib chiqish natijasi ommaviy qabul bayonnomasida ko‘rsatiladi.

Murojaatni ro‘yxatdan o‘tkazish va ko‘rib chiqish bo‘yicha ish yuritish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart bo‘lgan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa, bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.

Ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallarni so‘rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, ularni ko‘rib chiqish muddatlari tegishli davlat organining, tashkilotning rahbari tomonidan istisno tariqasida uzog‘i bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.

Taklif davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan e’tiboran bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi, qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan takliflar bundan mustasno bo‘lib, bu haqda taklifni kiritgan jismoniy yoki yuridik shaxsga o‘n kunlik muddatda yozma shaklda xabar qilinadi.

Qo‘yilgan masalalarni hal etish o‘zining vakolati doirasiga kirmaydigan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxslariga kelib tushgan murojaatlar besh kunlik muddatdan kechiktirmay tegishli organlarga, boshqa tashkilotlarga va mansabdor shaxslarga yuborilib, bu haqda murojaat etuvchiga yozma yoxud elektron shaklda xabar qilinadi. Bunda kelib tushgan elektron murojaat elektron shaklda yuborilishi mumkin.

Murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun asossiz ravishda boshqa davlat organlariga, tashkilotlarga o‘tkazish yoxud qarorlari yoki harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilinayotgan organlarga, tashkilotlarga yoki mansabdor shaxslarga yuborish taqiqlanadi.

Agar murojaatlarda ularni tegishli davlat organlariga, tashkilotlarga yoki mansabdor shaxslarga yuborish uchun zarur ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa, bu murojaatlar murojaat etuvchiga besh kunlik muddatdan kechiktirmay asoslantirilgan tushuntirish bilan qaytariladi.

Agar murojaatni ko‘rib chiqish davomida murojaatning dublikati kelib tushsa, mazkur murojaat avval kelib tushgan murojaat bilan birgalikda ko‘rib chiqiladi.

Agar murojaatning dublikati murojaat ko‘rib chiqilganidan va javob yuborilganidan keyin kelib tushsa, bu haqda davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari murojaat etuvchini tegishli tartibda xabardor qiladi.

Murojaatlarning turlariga kiritilmagan xatlarni (tashakkurnomalar, tabriknomalar, taklifnomalar, fikr-mulohazalarni) ko‘rib chiqish davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari tomonidan ularning o‘z ixtiyoriga ko‘ra amalga oshiriladi.

Quyidagi murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi:

anonim murojaatlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar, ularning vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda;

Qonunda belgilangan boshqa talablarga muvofiq bo‘lmagan murojaatlar.

Murojaatlar ko‘rmay qoldirilganda tegishli xulosa tuziladi, u davlat organining, tashkilotning rahbari yoki ularning vakolat berilgan mansabdor shaxsi tomonidan tasdiqlanadi.

Jismoniy va yuridik shaxs vakilining vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi sababli murojaatlar ko‘rmay qoldirilganligi to‘g‘risida murojaat qiluvchi tegishli tartibda xabardor qilinadi.

Jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yoki yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilmagan yoxud ular haqida yolg‘on ma’lumotlar ko‘rsatilgan murojaat, shuningdek uni identifikatsiya qilish imkoniyatini bermaydigan elektron murojaat yoxud imzo bilan tasdiqlanmagan yozma murojaat anonim murojaat hisoblanadi.

Elektron murojaat - bu belgilangan tartibda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida berilgan, shu jumladan davlat organining, tashkilotning rasmiy veb-saytiga joylashtirilgan murojaat, real vaqt rejimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda berilgan og‘zaki murojaatlar bundan mustasno.

Murojaatlarni ko‘rib chiqish quyidagi hollarda tugatiladi:

agar takroriy murojaatlarda yangi vajlar yoki yangidan ochilgan holatlar keltirilmagan bo‘lsa, ilgarigi murojaat materiallarida esa tekshiruvlarning to‘la-to‘kis materiallari mavjud bo‘lsa va murojaat qiluvchiga belgilangan tartibda javoblar berilgan bo‘lsa;

agar murojaat qiluvchi o‘z murojaatini belgilangan tartibda chaqirib olgan bo‘lsa yoki uni ko‘rib chiqishni tugatish to‘g‘risida iltimos qilgan bo‘lsa;

yashash joyi, turgan joyi (pochta manzili), elektron pochta manzili yoki boshqa rekvizitlari o‘zgarganligi to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilmaganligi tufayli chaqirishning imkoni yo‘qligi sababli murojaatni murojaat qiluvchining ishtirokisiz ko‘rib chiqish imkoniyati bo‘lmaganda;

murojaatni murojaat qiluvchining ishtirokisiz ko‘rib chiqish imkoniyati mavjud emasligi sababli, davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxsi tomonidan chaqirilgan murojaat qiluvchi kelmay qolgan taqdirda;

agar murojaat qiluvchi jismoniy shaxs vafot etganidan so‘ng murojaatni ko‘rib chiqish huquqiy vorislikka yo‘l qo‘ymasa.

Murojaatni ko‘rib chiqishni tugatish to‘g‘risidagi qarorni davlat organining, tashkilotning rahbari yoki ularning vakolat berilgan mansabdor shaxsi qabul qiladi.

Ayni bir jismoniy yoki yuridik shaxsdan kelib tushgan, uning avvalgi murojaati yuzasidan qabul qilingan qaror ustidan shikoyat qilinayotgan yoki boshqacha tarzda norozilik bildirilayotgan, shuningdek agar takroriy murojaat kelib tushgan paytga kelib qonun hujjatlarida belgilangan ko‘rib chiqish muddati tugagan bo‘lsa, ilgarigi murojaati o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmaganligi to‘g‘risida xabar qilinayotgan murojaat takroriy murojaat hisoblanadi.

Davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari tomonidan murojaatlarning samarali ko‘rib chiqilishini tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi tuziladi.

Murojaatlarni ko‘rib chiqishda davlat organi, tashkilot va ularning mansabdor shaxslari quyidagi huquqlarga ega:

murojaatni ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan axborotni belgilangan tartibda so‘rash va olish;

murojaat qiluvchi yoki boshqa shaxs yo‘qligida murojaatni ko‘rib chiqish mumkin bo‘lmaganda yoxud murojaatni eshitish uchun uni chaqirish;

bila turib yolg‘on ma’lumotlar ko‘rsatilgan murojaatni tekshirish sababli yetkazilgan xarajatlarning o‘rnini qoplash to‘g‘risida sudga murojaat qilish.

Davlat organi, tashkilot va ularning mansabdor shaxslari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin. 

Uzbek

Inspeksiya yangiliklari

O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat...

Qadrli vatandoshlar!

Muhtaram do‘stlar!

Mana shu hayajonli, fayzli damlarda jonajon...

2018 yil 21 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar...

Soha yangiliklari

Poytaxt aholisi uchun yana bir qulaylik yaratildi. Toshkent metropolitenining bekatlarida Wi-Fi...

Xitoyda kompyuter tarmoqlari sohasida samarador mahsulotlar tayyorlash va ishlab chiqarish uchun...

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini...

E'lonlar

2019 yil 19-yanvar soat 23:30 dan 20-yanvar soat 07:30 gacha to‘lovlarni qabul qilish, tarif...

Andijon viloyatida 18.01.2019-yil soat 00:30 dan 05:00 gacha texnik ishlar o‘tkazilishi sababli,...

Kompaniya qurilmalarida rejadagi profilaktika ishlari olib borilishi sababli, 14.01.2019-y. 22:...