Virtual qabulhona Fuqarolar murojaatlari Ishonch telefoni Tadbirkorlik
subektlariga
muloqot facebook twitter Vkontakte

Inspektsiya Kengashi

Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida
nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi Kengashi to‘g‘risida Nizom

I. UMUMIY QOIDALAR

1.1 Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi Kengashi (keyingi o‘rinlarda - Kengash) o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining buyruqlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 19 dekabrdagi           355-son qarori bilan tasdiqlangan Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi to‘g‘risida Nizom hamda amaldagi normativ hujjatlar va mazkur Nizom talablariga amal qiladi.

1.2 Kengash o‘z faoliyatini qonuniylik prinsipi asosida amalga oshiradi.

1.3 Kengash tarkibi lavozimlar bo‘yicha doimiy tartibda quyidagicha tasdiqlanadi:

Kengash raisi - Inspeksiya boshlig‘i;

Kengash a’zolari - Inspeksiya boshlig‘ining barcha o‘rinbosarlari.

1.4 Inspeksiya boshlig‘ining buyrug‘i bilan Kengash a’zolari tarkibiga bo‘limlar va hududiy bo‘linmalardan nomzodlar kiritiladi, shuningdek Kengash mas’ul kotibi belgilanadi.

1.5 Kengash tarkibiga 7 nafar a’zo kiritiladi.

II. VAZIFALARI

2.1 Kengashning asosiy vazifasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari bilan belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha ijro intizomini mustahkamlash, ularni sifatli va muddatida amalga oshirishni ta’minlash uchun Inspeksiya xodimlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish, Inspeksiyaga Nizom bilan yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda yuzaga kelgan muammoli masalalarni hal etish, Inspeksiya faoliyatiga tegishli dolzarb sanalgan masalalarni ko‘rib chiqish hamda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (keyingi o‘rinlarda - Vazirlik)ga tegishli takliflar kiritishdan iborat.

2.2 Kengash o‘zining qarorlari bilan Inspeksiya faoliyatini - yuklatilgan vazifalarning bajarilishini hamda pochta aloqasi, telekommunikatsiyalar va davriy matbuot nashrlarini tarqatish xizmatlarini ko‘rsatish sifat va samaradorligini yuqori darajalarga ko‘tarish ishlarini ta’minlashga, bo‘lim va hududiy bo‘linmalar faoliyatini takomillashtirishga, shuningdek bozor iqtisodiyoti munosabatlari shartlaridan kelib chiqib, ish jarayonlarida yangi ish uslublarini tatbiq etishga yo‘naltiradi.

2.3 Kengash Inspeksiya bo‘lim va hududiy bo‘linmalarining faoliyatini baholash hamda bo‘lim va hududiy bo‘linmalar boshliqlari, xodimlarining Inspeksiya oldiga qo‘yilgan vazifalarni sifatli va belgilangan muddatda bajarishdagi shaxsiy mas’uliyatini oshirish masalalarini ko‘rib chiqadi va tegishli qarorlar qabul qiladi.

III. KENGASH FAOLIYATINI TASHKIL ETISH

3.1 Inspeksiyaning asosiy vazifalari bilan bog‘liq bo‘lgan muhim masalalar muhokama qilinib, tegishli qaror chiqarish uchun Kengash ish rejasiga kiritiladi.

3.2 Inspeksiyaning mas’ul rahbar yoki xodimlari Kengash kotibi orqali o‘z takliflarini Kengash muhokamasiga taqdim etishlari mumkin.

Kengashning muhokamasiga taklif kiritayotgan bo‘lim yoki hududiy bo‘linmalar Kengash kotibi orqali Kengash raisi nomiga masalaning mohiyati bayon qilingan ma’lumotnoma taqdim etadilar. Kengash raisining roziligi olingandan so‘ng Kengashning muhokamasiga taklif kiritayotgan bo‘lim yoki hududiy bo‘linmalar tomonidan masalaga tegishli barcha ma’lumotlar taqdim etiladi.

Barcha hujjatlar tayyorlangandan so‘ng masala Kengash kotibining taqdimnomasiga ko‘ra Kengashning navbatdagi majlisi kun tartibiga kiritiladi

3.3 Kengash majlisi Kengash raisi tomonidan tasdiqlangan bir yillik 
ish rejasiga asosan bir yilda kamida ikki marotaba o‘tkaziladi.

Kengash ish rejasi loyihasi Kengash kotibi tomonidan hisobot yili yakunida keyingi yil uchun tayyorlanadi va Kengash raisiga tasdiqlashga kiritiladi.

Kengash ish rejasi bo‘lim yoki hududiy bo‘linmalarning asoslantirilgan takliflari asosida shakllantirilishi mumkin.

Kengash majlisiga Vazirlik rahbariyati yoki vakillar taklif etilishi mumkin.

3.4 Kengash ishi Kengash ish rejasi va kun tartibi asosida Kengash raisi tomonidan olib boriladi hamda Kengash raisi majlisni olib borish, majlis kun tartibini belgilash, muhokama va tegishli qaror qabul qilish tartibini o‘rnatadi.

Kengash kun tartibi Kengash ish rejasi va/yoki Kengash a’zolarining taklifiga asosan mas’ul kotib tomonidan shakllantiriladi va Kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi.

3.5 Kengash raisi yo‘qligida Kengash majlisini Kengash a’zosi - Inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosarlaridan biri, kelishilgan holda olib boradi.

3.6 Kengash Inspeksiyaning asosiy vazifalari bilan bog‘liq bo‘lgan muhim masalalarni ko‘rib chiqib, tahlil va muhokamalar asosida tegishli tadbirlarning bajarilishini ta’minlovchi qaror qabul qiladi.

Kengash majlisida Kengash a’zolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashgandagina Kengash qarori qonuniy hisoblanadi.

3.7 Qaror Kengash a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lib qolgan hollarda, Kengash raisining ovozi hal qiluvchi bo‘lib hisoblanadi.

Kengash raisi Kengash qabul qilayotgan qarorga rozi bo‘lmagan taqdirda o‘zining qarorini amalga tatbiq etadi va zarur hollarda Vazirlik rahbariyatiga bu haqida ma’lum qiladi. Bunday hollarda Kengash a’zolari ham o‘zlari qabul qilgan qarorni Vazirlik rahbariyatiga ma’lum qilish huquqiga ega.

3.8 Ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha qabul qilingan Kengash qarorlari Kengash raisi tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va amalga buyruq bilan tatbiq etiladi. Kengash majlisi bayonnomasi Kengash kotibi tomonidan tuziladi.

3.9 Qonun doirasida qabul qilingan Kengash qarorlari Inspeksiyaning barcha mas’ul rahbarlari va xodimlari tomonidan bajarilishi shart va ular belgilangan tartibda javobgardirlar. Kengash raisi Kengash qarorlari bajarilishini nazorat qiladi.

IV. KENGASH A’ZOLARINING MAJBURIYATLARI

4.1 Kengash a’zolari Kengash ish rejasi va kun tartibiga muvofiq Kengash majlisiga kiritilgan masalalarni muhokama qilishda, qaror qabul qilish va uni tatbiq etish yuzasidan Kengash ishida faol qatnashadilar.

Kengash a’zolari zimmasiga Kengash muhokamasiga kiritiladigan masalalar bo‘yicha ma’lumotlar va hujjatlar tayyorlanishini ta’minlash hamda taklif-mulohazalar berish yuklanadi.

Kengash a’zolari - Inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosarlari o‘ziga biriktirilgan masalalarga oid Kengash ma’lumotlari va hujjatlarini, qaror loyihalarini, tegishli taklif va mulohazalarni Kengash o‘tkaziladigan kundan bir hafta oldin tayyorlanishini hamda Kengash raisiga yetkazilishini ta’minlashga mas’uldirlar. Kengash a’zolarini Kengash kotibi ko‘rib chiqiladigan masalalarga taalluqli materiallar bilan ta’minlaydi.

Ko‘riladigan masalalarga oid ma’lumotlar va hujjatlarni tayyorlanishiga tegishli bo‘limlar va tarkibiy bo‘linmalar ham mas’uldir.

4.2 Kengash a’zolari Kengashda ko‘rib chiqilgan va qabul qilingan qarorlarning qonuniyligi va maqsadga muvofiqligi uchun javobgardirlar.

V. MA’LUMOTLAR VA HUJJATLAR TAYYORLASH, ISH YURITISH

5.1 Kengash o‘tkaziladigan muddatdan uch hafta oldin Inspeksiya hududiy bo‘linmalari tomonidan Inspeksiya faoliyatiga tegishli dolzarb sanalgan masalalar yuzasidan puxta va sifatli tayyorlangan kerakli ma’lumotlar ijrochi bo‘limlarga yo‘nalish bo‘yicha yuboriladi.

Ijrochi bo‘limlar hududiy bo‘linmalardan olingan ma’lumotlarni umumlashtiradi, tahlil qiladi va tegishli ma’lumotlarni tayyorlaydi.

5.2 Ijrochi bo‘limlar rahbarlari yoki mas’ul xodimlar tomonidan ma’lumotlar va hujjatlar (kerakli bo‘lgan ma’lumotnoma, qaror va buyruq loyihalariga takliflar) Kengash kotibiga majlisdan ikki hafta oldin takdim etiladi. Bunda ijrochi bo‘limlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari bilan belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha ijro intizomini mustahkamlash, ularni sifatli va muddatida amalga oshirishni ta’minlash uchun Inspeksiya xodimlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish, Inspeksiya faoliyatini takomillashtirish hamda Inspeksiya bo‘lim va hududiy bo‘linmalari tomonidan hisobot davrida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish, yuzaga kelgan muammoli masalalarni hal etish yuzasidan o‘rinli takliflar ham Kengash kotibiga taqdim etiladi.

Taqdim etilgan ma’lumotlar va hujjatlar Inspeksiya boshlig‘ining tegishli o‘rinbosarlari va bo‘limlari bilan kelishilgan bo‘lishi shart.

5.3 Kengash kotibi kun tartibidagi masalalar bo‘yicha ijrochi bo‘limlardan tegishli ma’lumotlarni oladi, tahlil qiladi va umumlashtirib, Inspeksiya rahbariyatiga kiritadi. Ma’lumotga hisobot davrida bo‘lim va hududiy bo‘linmalar tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish hamda faoliyatni takomillashtirish takliflari ham kiritiladi.

Kengash kotibi tegishli bo‘limlar bilan hamkorlikda ma’lumotlarning slayd ko‘rinishida tayyorlanishini ta’minlaydi.

Kengash kotibi Kengash bayonnomasini rasmiylashtiradi va Kengash qarorlariga asosan Inspeksiya buyrug‘i loyihasini rahbariyatga imzolashga kiritadi.

Kengash kotibi Vazirlik Hay’atining navbatdagi yig‘ilishlariga bo‘lim va hududiy bo‘linmalardan olingan ma’lumotlar asosida tegishli ma’lumotlarni tayyorlaydi, rahbariyat bilan kelishilgan holda Hay’at kotibiga yuborilishini ta’minlaydi.

5.4 Kengash raisining qaroriga binoan majlis o‘tkazish vaqti o‘zgartirilishi va navbatsiz majlislar o‘tkazilishi mumkin.

Kengash majlisi qarorlari bir hafta muddat ichida o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtiriladi va bajarilishi uchun joylarga yetkaziladi.

VI. TURLI MASALALAR

6.1 Kengash a’zolari va kotibi chorak yakunlari bo‘yicha Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tasdiqlanadigan xarajatlar smetasi doirasida belgilangan tartibda rag‘batlantirilishi mumkin.

Mazkur masala Inspeksiya xodimlarini rag‘batlantirish va qo‘shimcha to‘lovlar belgilash bo‘yicha Komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi.

6.2 Ish jarayonida yangi talab va ehtiyojlardan kelib chiqqan holda ushbu Nizomga tegishli o‘zgartirishlar belgilangan tartibda kiritilishi va Nizom takomillashtirilishi mumkin.