Virtual qabulhona Fuqarolar murojaatlari Ishonch telefoni Tadbirkorlik
subektlariga
muloqot facebook twitter Vkontakte

Nizom

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 19 dekabrdagi 355- son qarori,
2- ilovasi bilan tasdiqlangan  Aloqa, axborotlashtirish va 
 telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi Nizomi.

I. Umumiy qoidalar

1. Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi (keyingi o’rinlarda Inspeksiya deb ataladi) mulkchilik shakllari va idoraviy mansubligidan qat’iy nazar aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar, davlat va tarmoq standartlari, texnik reglamentlar talablari, litsenziyalar talablari va shartlari, sertifikatlashtirilgan uskunalardan foydalanishning belgilangan tartibi, telekommunikatsiyalar, pochta aloqasi, davriy matbuot nashrlarini tarqatish xizmatining sifat normativlari bajarilishi hamda ularga rioya qilinishi, shuningdek davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarida axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va ulardan samarali foydalanish yuzasidan davlat nazorati organi hisoblanadi.

2. Inspeksiya o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Butunjahon pochta uyushmasi Konvensiyasiga va Bitimiga, Elektr aloqasi Xalqaro Uyushmasi tavsiyalariga, O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasining qarorlari va boshqa hujjatlariga, ushbu Nizomga hamda boshqa normativ hujjatlarga amal qiladi.

Inspeksiya Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tarkibiga kiradi.

3. Inspeksiyaning o‘z vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlari aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy matbuot nashrlarini tarqatish sohasida faoliyat yurituvchi barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar, xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.

4. Inspeksiyaga Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadigan jadvalga muvofiq davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida, mahalliy davlat hokimiyati organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va ularni rivojlantirishning holati yuzasidan nazorat qilish, monitoring olib borish va o‘rganish vakolati berilgan. 
Inspeksiyaning davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida, mahalliy davlat hokimiyati organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va ularni rivojlantirishning holati yuzasidan nazorat va monitoring yakunlari bo‘yicha xulosalari Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tomonidan tegishli qaror qabul qilish uchun asos hisoblanadi.

5. Respublika budjeti va Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari Inspeksiya va uning hududiy bo‘linmalari faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.

Respublika byudjeti mablag’laridan Inspeksiyaning joriy ta’minoti moliyalashtiriladi.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘laridan Inspeksiya hodimlarini qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha xarajatlar moliyalashtiriladi.

Inspeksiya faoliyati shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirilishi mumkin.

6. Hodimlarni Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘laridan qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish quyidagicha amalga oshiriladi:

Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi bilan kelishgan holda Inspeksiya boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadigan Nizomga muvofiq muayyan yil ishlaganlik uchun pul mukofoti va har oylik to‘lovlar;

Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi bilan kelishgan holda Inspeksiya boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan Nizomga muvofiq yil choragi yakunlari bo‘yicha hodimlarni lavozim maoshining 100 foizigacha bo‘lgan miqdorda mukofotlash va moddiy rag‘batlantirish; mehnat natijalari bilan bog’liq bo‘lmagan bir yo‘la beriladigan mukofotlar.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan hodimlarga qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa to’lovlar ham to’lanishi mumkin.

7. Inspeksiya tuzilmasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Inspeksiyaning joylarda o‘z hududiy bo‘linmalari bo‘ladi.

Inspeksiya tuzilmasiga, zarur hollarda, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tomonidan hodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.

8. Inspeksiyaga belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan boshliq rahbarlik qiladi.

Inspeksiya boshlig‘ining uning taqdimnomasiga ko‘ra Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan uch nafar o‘rinbosari, shu jumladan bir nafar birinchi o’rinbosari bo‘ladi.

Inspeksiya boshlig‘i Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi hay’atining, Kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtirish kengashining a’zosi hamda Axborot faoliyati va ma’lumotlar uzatishni takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha idoralararo muvofiqlashtiruvchi komissiya ishchi guruhining rahbari, Komissiyaning mas’ul kotibi hisoblanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar inspeksiyalariga Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi bilan kelishgan holda Inspeksiya boshlig‘i tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan boshliqlar rahbarlik qiladi.

Inspeksiyaning hududiy bo‘linmalari yuridik shaxs hisoblanmaydi va o‘z faoliyatini Inspeksiya boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadigan nizomlarga muvofiq amalga oshiradi.

9. Inspeksiya yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi bank muassasalarida hisob raqamiga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga ega.

II. Inspeksiyaning asosiy vazifalari va funksiyalari

10. Quyidagilar yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish Inspeksiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

  • mulkchilik shakllari va idoraviy mansubligidan qat’iy nazar, pochta aloqasi, telekommunikatsiyalar va davriy matbuot nashrlarini tarqatish xizmatlarini ko‘rsatuvchi, shuningdek telekommunikatsiyalar va pochta aloqasi tizimi va inshootlarini loyihalash, qurish va ulardan foydalanishni amalga oshiruvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy matbuot nashrlarini tarqatish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar, davlat va tarmoq standartlari, texnik reglamentlar talablari, litsenziya talablari va shartlari hamda sertifikatlashtirilgan uskunalardan foydalanishning belgilangan tartibi bajarilishi;
  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida, mahalliy davlat hokimiyati organlarida maqsadli yo‘nalishlar va belgilangan normalarga muvofiq infratuzilmani rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishning holati;
  • ish va boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish samaradorligi, integrallashgan axborot tizimlarini, ma’lumotlar uzatish va almashishning idoralararo tarmoqlarini joriy etish va ulardan foydalanish, davlat axborot resurslari integratsiyasi, shu jumladan interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatish;
  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida, mahalliy davlat hokimiyati organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi bo‘yicha malakali kadrlar bilan ta’minlanganlik;
  • elektron raqamli imzolar sohasida, shu jumladan elektron raqamli imzo kalitlarini ro‘yxatga olish markazlari faoliyatida qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish;
  • jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash bo‘yicha pochta aloqasi operatorlari, provayderlari tomonidan ichki nazorat tizimining joriy etilishi;
  • pochta va telekommunikatsiyalar, davriy matbuot nashrlarini tarqatish sohasida xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar sifati hamda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida chora-tadbirlar ko‘rish;
  • telekommunikatsiyalar va pochta aloqasi tarmoqlarida o‘z vakolatlari doirasida axborot xavfsizligini hamda favqulodda vaziyatlarda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda ulardan davlat manfaatlari uchun ustuvor foydalanishni ta’minlash;
  • Respublika hududida foydalaniladigan aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida telekommunikatsiyalar tarmoqlarining, texnik vositalar va tizimlar parametrlarining, radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalar radionurlanishlarining amaldagi normalarga muvofiqligi;
  • xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan mobil aloqa tarmoqlari va tizimlarini loyihalash, qurish va ulardan foydalanish, radiochastota spektridan foydalanishning belgilangan normalari va qoidalariga rioya qilinishi;
  • radioelektron vositalarni sotib olish (berish), loyihalashtirish, qurish (o‘rnatish), O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanish va radioelektron vositalar, yuqori chastotali qurilmalarni va telekommunikatsiya tizimlarini chet eldan olib kelish, pochta va telekommunikatsiyalar tarmoqlari va inshootlarida sertifikatlashtirilgan asbob-uskunalar qo‘llanishining belgilangan tartibiga rioya qilinishi;
  • pochta aloqasi, telekommunikatsiyalar, davriy matbuot nashrlarini tarqatish sohasida xizmatlar sifati bo‘yicha hisobot ma’lumotlarining ishonchliligi hamda pochta aloqasi, telekommunikatsiyalar, davriy matbuot nashrlarini tarqatish sohasida xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar, davlat va tarmoq standartlari, texnik reglamentlar talablari va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati buzilganligi uchun hisoblangan sanktsiyalar miqdorlarining o‘z vaqtida to‘lanishi va haqqoniyligi;
  • vakolatli organlar bilan birgalikda radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalar radiochastota spektridan foydalanishning holati.

11. Inspeksiya o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:

  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida, mahalliy davlat hokimiyati organlarida, shuningdek aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasi korxonalari va tashkilotlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish jarayonlarini belgilangan tartibda nazorat qiladi, monitoring olib boradi va o‘rganadi, ularning yakunlari bo‘yicha tegishli xulosalar tayyorlaydi;
  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida, mahalliy davlat hokimiyati organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar talablarining bajarilishini nazorat qiladi;
  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida, mahalliy davlat hokimiyati organlarida, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasining joriy holatini o’rganadi;
  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida, mahalliy davlat hokimiyati organlarida axborot resurslari va interaktiv davlat xizmatlarining mavjudligi va ulardan foydalanishning qulayligini nazorat qiladi;
  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida, mahalliy davlat hokimiyati organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish jarayonlarini nazorat qilish, monitoring olib borish va o‘rganishlar natijalari bo‘yicha tegishli xulosalar tayyorlaydi hamda ularni Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasiga yuboradi;
  • ish va boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish, integratsiyalashgan axborot tizimlari, ma’lumotlar uzatish va almashish idoralararo tarmoqlarini joriy etish va ulardan foydalanish, davlat axborot resurslari integratsiyasi holatini tahlil qiladi va baholaydi;
  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlanganligini tahlil qiladi;
  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida va mahalliy davlat hokimiyati organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish jarayonlarini o‘rganish natijalarini tahlil qiladi va umumlashtiradi, aniqlangan kamchiliklar va qoida buzilishlarini bartaraf etish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi, ularni ko’rib chiqish uchun Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasiga taqdim etadi;
  • elektron raqamli imzolar kalitlarini ro’yxatga olish markazlari faoliyatini qonun hujjatlari talablari bajarilishi bo‘yicha o‘rganadi;
  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan litsenziyalash haqidagi qonun hujjatlari, litsenziya bitimlari bajarilishi, radiochastota spektridan foydalanish, pochta aloqasi va telekommunikatsiyalar, ma’lumotlar uzatish, teleradioeshittirish tarmoqlarida, axborot tizimlarida, xavfsizlik bo‘yicha texnik va texnologik talablar bajarilishi yuzasidan belgilangan tartibda nazoratni amalga oshiradi;
  • Respublika hududida joylashgan aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarda pochta aloqasi, telekommunikatsiyalar va davriy matbuot nashrlarini tarqatish xizmatlari parametrlari va sifat ko‘rsatkichlarining amaldagi normalarga muvofiqligi yuzasidan belgilangan tartibda monitoring va nazorat o’tkazadi;
  • aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida litsenziya talablari va shartlarini buzgan holda, shuningdek tegishli litsenziyani rasmiylashtirmasdan muayyan faoliyatni amalga oshirayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarni aniqlaydi;
  • pochta aloqasi, telekommunikatsiyalar, davriy matbuot nashrlarini tarqatish xizmatlari ko’rsatishda, shuningdek aloqa tarmoqlari, axborot tizimlari, radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruktsiya qilish, kengaytirish va ulardan foydalanishda normativ-huquqiy hujjatlar, davlat, tarmoq standartlari, texnik reglamentlar, amaldagi normalar va qoidalarning bajarilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
  • qonun hujjatlariga muvofiq aloqa tarmoqlari, axborotlashtirish vositalari va tizimlari ishlatilishi va yaratilishi bo‘yicha xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyati yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
  • jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan ichki nazorat qoidalariga pochta aloqasi operatorlari, provayderlari tomonidan rioya etilishi monitoringi va nazoratini belgilangan tartibda amalga oshiradi;
  • pochta aloqasi xizmatlari tashkil etilishini, pochta jo‘natmalari va pul summalari saqlanishi ta’minlanishini, pochta jo’natmalari qabul qilinishi, ularga ishlov berilishi, topshirilishiga rioya qilinishini va ularning belgilangan nazorat muddatlarida o’tishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tekshiradi;
  • aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy matbuot nashrlarini tarqatish sohasida qo‘llanadigan o‘lchov vositalarini tekshiruvdan o‘tkazish va kalibrlash tartibiga rioya qilinishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
  • yuridik va jismoniy shaxslarning pochta aloqasi, telekommunikatsiyalar va davriy matbuot nashrlarini tarqatish xizmatlari, shuningdek davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatish masalalari bo‘yicha murojaatlarini zarur hollarda joyiga borib hamda tegishli hujjatlarni o‘rgangan holda qonun hujjatlariga muvofiq ko‘rib chiqadi;
  • vakolatli davlat organlari tomonidan tartibga solinadigan tariflar ro‘yxatiga kiruvchi pochta aloqasi va telekommunikatsiyalar xizmatlariga tariflarning to‘g‘ri qo‘llanilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tekshiradi;
  • ko‘rsatiladigan xizmatlar, tariflar, xizmatlar ko‘rsatish qoidalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning, aloqa, axborotlashtirish va davriy matbuot nashrlarini tarqatish sohasida xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ish tartibi va ularni tartibga soluvchi boshqa axborotlarning mavjudligi va foydalanuvchilar uchun tushunarliligini, shuningdek ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar xajmining to’liqligi va muddatlarini nazorat qiladi;
  • aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari tarmoqlarining yangidan qurilayotgan va rekonstruktsiya qilinayotgan obyektlarini foydalanishga qabul qilish komissiyalarida qatnashadi;
  • monitoring va tekshirishlar natijalari bo‘yicha aniqlangan qoida buzilishlari haqida tegishli qarorlar qabul qiladi, yozma ko‘rsatmalar beradi va ularni bartaraf etish muddatlarini belgilaydi, shuningdek xo‘jalik yurituvchi subyektlar litsenziyalarining amal qilishini to‘xtatish to‘g‘risida takliflar kiritadi, qoida buzilishlariga doir Inspeksiya vakolatlariga tegishli bo‘lmagan materiallarni davlat nazorati tegishli organlariga ularning vakolatlari bo‘yicha belgilangan tartibda beradi;
  • amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq ma’muriy jazo choralarini qo‘llaydi;
  • xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar, davlat va tarmoq standartlari, texnik reglamentlar talablari, ko‘rsatilayotgan pochta aloqasi va telekommunikatsiyalar, davriy matbuot nashrlarini tarqatish xizmatlari sifati buzilgan taqdirda xo‘jalik yurituvchi subyektlarga belgilangan tartibda moliyaviy sanktsiyalar belgilaydi, ularga nisbatan sanktsiyalar qo‘llash to‘g‘risida belgilangan tartibda yozma ko’rsatmalar beradi;
  • normativ-huquqiy hujjatlar, davlat va tarmoq standartlari, texnik reglamentlar, qoidalar, yo’riqnomalar, aloqa mahsulotlari sifatiga tegishli litsenziya talablari va shartlari, telekommunikatsiyalar vositalari, radioelektron vositalarning, yuqori chastotali qurilmalarning radionurlanishlari parametrlari loyihalarini ko‘rib chiqadi va ular bo‘yicha xulosalar beradi;
  • Inspeksiya hodimlarini aloqa, axborotlashtirish, telekommunikatsiya texnologiyalari, axborot xavfsizligi va axborotni himoya qilish sohasidagi yo‘nalishlar bo‘yicha tegishli oliy ta’lim muassasalarida, shuningdek Respublika vakolatli organlarining ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;
  • o‘tkazilgan nazorat natijalarini tahlil qiladi va umumlashtiradi, aniqlangan kamchiliklar va qoida buzilishlarini bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlaydi, ularni tegishli boshqaruv organlarining ko‘rib chiqishi uchun kiritadi;
  • O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy ommaviy axborot vositalarining teleradiomahsulotlarini va davriy matbuot nashrlarini tarqatish tartibiga rioya qilinishi ustidan belgilangan tartibda nazorat qiladi;
  • pochta aloqasi, telekommunikatsiyalar, davriy matbuot nashrlarini tarqatish xizmatlari sifati bo‘yicha statistik hisobotlarning ishonchligiga rioya etilishini nazorat qiladi;
  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining holati va rivojlanishi to‘g‘risida axborotlarning ishonchliligi ta’minlanishi va o‘z vaqtida taqdim etilishi yuzasidan monitoring va nazoratni amalga oshiradi;
  • hisoblangan moliyaviy sanksiyalarning belgilangan muddatlarga rioya qilingan holda to‘lanishi va to‘lanayotgan moliyaviy sanksiyalarning summasi to‘g‘riligini nazorat qiladi;
  • xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan amaldagi normalar, davlat va tarmoq standartlari, texnik reglamentlar talablari bajarilishini, pochta aloqasi, telekommunikatsiyalar va davriy matbuot nashrlarini tarqatish xizmatlari sifatini yaxshilashni, shuningdek iste’molchilar huquqlarini himoya qilishni profilaktika maqsadida o‘rganadi;
  • aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy matbuot nashrlarini tarqatish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar, texnik reglamentlar, standartlar, normalar, qoidalar va boshqa normativ hujjatlarni ishlab chiqish, qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha buyurtmachi funksiyasini bajaradi;
  • aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida qoida buzilishlar profilaktikasi, ularni aniqlash, ularning oldini olish va ularga barham berish bo‘yicha kompleks tadbirlarni bajarish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
  • mulkchilik shakllaridan qat’iy nazar, xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan radiochastota spektridan foydalanish, mobil aloqa tizimlari va tarmoqlarini loyihalash, qurish va ulardan foydalanishning belgilangan normalari va qoidalari bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
  • radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalar radionurlanishlari parametrlari, radiochastota spektridan foydalanish qoidalariga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, aloqa va axborot texnologiyalari, radiochastota spektridan foydalanish va elektron raqamli imzolar sohasida qoida buzilishlari monitoringini olib borish, aniqlash va ularga barham berish bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa organlar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi;
  • xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan litsenziya bitimi talablari va shartlari buzilgan hollarda litsenziyalovchi organga litsenziyaning amal qilishini to’xtatib turish yoki to’xtatish to‘g‘risida takliflar kiritadi;
  • elektraloqa tarmoqlarining umumiy foydalanishdagi aloqa tarmoqlariga ulanishi qoidalarining, jumladan ulanish shartlarining bajarilishini nazorat qiladi;
  • radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarning elektromagnit moslashuvchanligini ta’minlash bo‘yicha tashkiliy-texnik tadbirlar bajarilishini nazorat qiladi;
  • xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan telekommunikatsiyalar, pochta aloqasi, teleradioeshittirish, axborot tizimlari tarmoqlarida axborot xavfsizligini ta’minlash ishlarining bajarilishi yuzasidan o‘z vakolati doirasida nazoratni tashkil etadi;
  • aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan axborot xavfsizligi texnologiyalarini, shu jumladan foydalanilishi cheklangan ma’lumotlarning himoyalanishini ta’minlash, shuningdek axborotni kriptografik himoyalash sohasidagi faoliyat turi bo‘yicha litsenziya bitimlari va mahsulotlarni sertifikatlash shartlariga rioya etish masalalari borasida davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.

III. Inspeksiyaning huquqlari va javobgarligi

12. Inspeksiya o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:

  • Respublika hududida joylashgan aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy matbuot nashrlarini tarqatish sohasida faoliyat ko’rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarni, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadigan jadvalga muvofiq davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida, mahalliy davlat hokimiyati organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirishning holatini tekshirishlarni belgilangan tartibda o‘tkazish;
  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlaridan, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan axborotlar, hujjatlar, ma’lumotnomalar va boshqa materiallarni so‘rash va olish;
  • aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy matbuot nashrlarini tarqatish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar, davlat va tarmoq standartlari, texnik reglamentlar talablari, normalar hamda ko’rsatilayotgan xizmatlar sifati buzilgan taqdirda ularga nisbatan belgilangan tartibda iqtisodiy sanktsiyalar qo’llash;
  • aloqa, axborotlashtirish, radiochastota spektridan foydalanish va davriy matbuot nashrlarini tarqatish sohasidagi ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va bayonnoma tuzish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash doirasida qonun hujjatlarining pochta aloqasi operatorlari, provayderlari tomonidan buzilishi hollari aniqlangan taqdirda esa ushbu holatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni davlat nazorati tegishli organlariga belgilangan tartibda yuborish;
  • zarur hollarda, axborot texnologiyalari sohasidagi masalalarni tekshirish, o‘rganish va ko‘rib chiqishda qatnashish uchun davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qilish organlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va boshqa tashkilotlarning mutaxassislari va ekspertlarini jalb etish;
  • aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy matbuot nashrlarini tarqatish sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi va normativ-huquqiy hujjatlar, davlat, tarmoq standartlari talablari va ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar sifati, respublika hududida foydalaniladigan telekommunikatsiya vositalari, radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalar radionurlanishlari parametrlarining muntazam ravishda buzilishiga yo‘l qo‘yayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ayrim qurilmalari va texnologik uchastkalari ishini aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risida qaror chiqarish;
  • radionurlanishlar normasi va parametrlari buzilganda, shuningdek televidenie va radioeshittirish dasturlarini qabul qilishda to‘sqinlik qilishga olib kelgan hollarda radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalardan foydalanishga berilgan ruxsatnomalarning amal qilishini aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgungacha to‘xtatib qo‘yish;
  • aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy matbuot nashrlarini tarqatish sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlardan Inspeksiya vakolatiga tegishli masalalar bo‘yicha zarur ma’lumotlar va materiallarni talab qilish;
  • vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlardan, shu jumladan ilmiy-tadqiqot muassasalari va laboratoriyalardan o‘z vakolatlarini amalga oshirish uchun aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi texnik hujjatlar, qoidalar, vositalarning ish normalarini olish;
  • O‘zbekiston Respublikasi hududida radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalardan foydalanish monitoringini olib borish;
  • aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy matbuot nashrlarini tarqatish sohasida xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar, davlat va tarmoq standartlari, texnik reglamentlar talablari, ko’rsatiladigan xizmatlar sifati buzilishining oldini olish maqsadida, ular bilan kelishilgan reja-jadval bo‘yicha ularning faoliyatini belgilangan tartibga muvofiq o‘rganish;
  • ekspert xulosa olish uchun tekshirish va monitoring natijalarini vakolatli organlarga taqdim etish;
  • aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi vositalarning texnik holati, aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi vositalar va inshootlardan texnik foydalanish qoidalariga rioya qilinishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish;
  • aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida qurilish normalari va qoidalari buzilgan holda olib borilayotgan qurilish ishlarini aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar to‘xtatib turish;
  • litsenziya bitimlari talab va shartlari xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan buzilgan hollarda ularga ogohlantirishlar berish;
  • litsenziya bitimlarining talab va shartlari buzilganligi uchun litsenziyalarning amal qilishini to‘xtatish va to‘xtatib turish, ularni bekor qilish to‘g‘risida Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasiga takliflar kiritish;
  • Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi qaroriga muvofiq telekommunikatsiyalar sohasida faoliyatni amalga oshirishga litsenziya olish uchun ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlardagi ma’lumotlarning ishonchliligini tekshirish;
  • nazoratni amalga oshirish masalalari bo‘yicha ekspertiza, tahlil va baholash, shuningdek ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish;
  • mulkchilik shakllari va idoraviy mansubligidan qat’iy nazar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish davomida qoida buzilishlariga yo‘l qo‘ygan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga, yuridik va jismoniy shaxslarga, shuningdek davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining mansabdor shaxslariga davlat nazorati doirasida o‘tkazilgan tekshirishlar natijasida aniqlangan buzilishlarni bartaraf etish to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish.

Inspeksiya qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

13. Inspeksiya:

  • o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi va taqdim etiladigan tahliliy hujjatlarning xolisonaligi va kompleksliligi uchun;
  • o‘z vakolatiga kirmaydigan masalalar bo‘yicha aniqlangan kamchiliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar vakolatli organlarga o‘z vaqtida taqdim etilishi uchun javob beradi.

IV. Yakunlovchi qoida

14. Inspeksiyani qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.